Abdullayev Ravshanbek Babajonovich — Urganch davlat tibbiyot instituti Ichki kasalliklar, nefrologiya, gemodializ va reabilitologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor. 2026-yilda kafedra mudiri etib qayta tayinlangan.
Ta’lim va ilmiy darajalar
1984-yilda Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini, 1991-yilda ichki kasalliklar bo‘yicha klinik ordinaturani tamomlagan. 14.00.05 — Ichki kasalliklar ixtisosligi bo‘yicha 1992-yilda nomzodlik, 2002-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995-yilda dotsent, 2008-yilda professor ilmiy unvonini olgan.
Kasbiy faoliyat
Samarqand davlat tibbiyot institutida assistent sifatida ishlagan. 1994–2012-yillarda Urganchdagi tibbiy ta’lim muassasalarida dotsent, davolash fakulteti dekani hamda fakultet va gospital terapiya kafedrasi mudiri bo‘lgan. 2012–2015-yillarda Urganch tibbiyot kolleji direktori va o‘rindoshlik asosida TTA Urganch filiali professori lavozimlarida ishlagan. 2015–2023-yillarda kafedra mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, pediatriya fakulteti dekani, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifalarini bajargan. 2023–2026-yillarda kafedra professori bo‘lib faoliyat yuritgan.
Ilmiy yo‘nalish va nashrlar
Ichki kasalliklar, gastroenterologiya, gepatologiya, reabilitologiya, diyetologiya va xalq tabobati bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Asosiy mavzu: «Janubiy Orol mintaqasida ovqat hazm qilish sistemasi kasalliklarining tarqalganligi, klinik kechish xususiyatlari va davolashga yangicha yondashish». 500 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan 15 monografiya, 2 darslik, 3 o‘quv qo‘llanma, 36 o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 4 uslubiy tavsiyanoma, 3 SSV axborot xati, 6 ratsionalizatorlik taklifi, 200 dan ortiq jurnal maqolalari va 300 dan ziyod tezislar muallifi. Tadqiqot natijalarining 30 dan ortig‘i ta’lim va davolash amaliyotiga joriy qilingan.
Ilmiy maktab va jamoatchilik faoliyati
Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Urganch davlat tibbiyot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashlar a’zosi. Gastroenterologiya, terapiya, fan va ta’limga oid sakkizta ilmiy jurnal tahririyat kengashida faoliyat yuritadi. Uning rahbarligida 7 nafar shogird ichki kasalliklar ixtisosligida dissertatsiya himoya qilgan. Ilmiy rahbarligidagi Qudrat Jumaniyazov (1996) va Ozoda Ismoilova Prezident davlat stipendiyasi, Aziza Baxtiyarova (2025) Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. 2026-yilda Aziza Baxtiyarova professor rahbarligida ishlab chiqilgan «DGI Health» loyihasi bilan «Mirzo Ulug‘bek vorislari» tanlovining shahar, viloyat va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
E’tiroflar
2010-yilda «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» unvoniga sazovor bo‘lgan. Respublika tanlovlarida «Yilning eng yaxshi professori — 2019» va «Yilning eng yaxshi professori — 2021» nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan. Urganch shahar xalq deputatlari kengashining 2020–2024 va 2025–2029-yillardagi deputati.

